“OʻZSANOATEKSPORT” AJ KUZATUV KENGASHINING MUSTAQIL A’ZOLIGI UCHUN TANLOV E’LON QILADI
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va xorijiy davlat fuqarolari tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirishlari mumkin. Tanlov “Oʻzsanoateksport” AJ (keyingi o‘rinlarda - Kompaniya) Kuzatuv kengashining mustaqil a’zoligi uchun tanlov o‘tkazish va nomzodlarni tanlab olish to‘g‘risidagi Nizom asosida o‘tkaziladi.
Tanlovga arizalarni qabul qilishning boshlanish sanasi: 2026 yil 10 avgust kuni, soat 09:00 dan;
Tanlovga arizalarni qabul qilishning tugash sanasi: 2026 yil 10 sentyabr kuni, soat 18:00 gacha.
A’zolik o‘rinlari soni: 1
Ariza jo‘natiladigan elektron manzil: info@use.uz
Aloqa ma’lumotlari: 71 209 48 48 (505)
Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga xizmatlar ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining rivojlanishidagi ijobiy tendensiya, avvalambor, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ularning tashqi iqtisodiy faoliyatda yanada faol ishtirok etishiga yordam berish;
Respublika eksport salohiyatining yanada o‘sishida mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda Davlat dasturi doirasida korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar hajmini yanada oshirish;
mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqishda xizmat ko‘rsatish usullarini har tomonlama takomillashtirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va samarasiz xarajatlarni kamaytirish;
oliy darajadagi davlat tashriflari doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirish rejalari (“Yo‘l xaritalari”) bilan tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlarning bajarilishini ta’minlash;
jahon bozoridagi vaziyatni har tomonlama tahlil qilgan holda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulot va xizmatlari eksportini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida turli moliyaviy dastaklar va o‘zaro hisob-kitob shakllaridan foydalanishga asoslangan faol eksport siyosatini amalga oshirish;
mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari va xorijiy kompaniyalar o‘z mahsulotlarini iste’mol qiluvchilar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va sheriklik to‘g‘risida uzoq muddatli shartnomalar/bitimlar tuzish bo‘yicha ishlarni davom ettirish;
mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari nomenklaturasini yanada diversifikatsiya qilish va eksport geografiyasini kengaytirish choralarini ko‘rish.
Lavozimga da’vogar nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, mehnat daftarchasi nusxasi (mavjud bo‘lsa) yoki ish tajribasini tasdiqlovchi hujjatlar, ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjat nusxasi;
mehnat faoliyati to‘g‘risida ma’lumotnoma (rezyume);
tavsiyanoma (agar mavjud bo‘lsa);
Kompaniya Kuzatuv kengashi mustaqil a’zosining mustaqillik mezonlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi ariza (1-Ilova).
Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
tegishli mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lish (xorijiy va xalqaro o‘quv yurtlarida tahsil olganligi to‘g‘risida sertifikat va diplomlari mavjud nomzodlar qo‘llab-quvvatlanadi);
ikki yil va undan ortiq boshqaruv tajribasiga ega bo‘lishi;
Kompaniya faoliyatiga taalluqli jarayonlarni, bozor va tarmoq faoliyatini chuqur tushunishi;
tashkilot va sohalar strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish tajribasiga ega bo‘lishi;
operatsion boshqaruv tajribasiga ega bo‘lishi;
moliyaviy institutlar, potensial investorlar, maslahatchilar va tashkilotlar bilan biznes aloqalar va muzokaralar olib borish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi;
korporativ boshqaruv tamoyillarini tushunishi;
rejalashtirish, moliya, audit, inson resurslari, xatarlarni boshqarish, korporativ boshqaruv, rag‘batlantirish bo‘yicha bir yoki undan ortiq kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi.
Quyidagi nomzodlar tanlovda qatnasha olmaydilar:
oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxs;
so‘nggi uch yil ichida Kompaniyada va (yoki) Kompaniyaning affillangan shaxslarida ishlagan shaxs;
Kompaniya ovoz beruvchi aksiyalarining besh yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi (to‘g‘ridan-to‘g‘ri va (yoki) affillangan shaxslar orqali) aksiyador;
Kompaniyaning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bo‘lgan shaxs. Bunda qaysi shaxslar bilan bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravaridan ko‘p bo‘lgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud bo‘lsa, o‘sha shaxslar yirik mijoz va yirik yetkazib beruvchi deb e’tirof etiladi;
so‘nggi uch yil ichida Kompaniyaga va (yoki) Kompaniyaning affillangan shaxslariga auditorlik xizmatlarini ko‘rsatgan auditorlik tashkilotining xodimi;
ketma-ket olti yil davomida Kompaniyaning Kuzatuv kengashi tarkibiga kirgan shaxs;
Kompaniya va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega bo‘lgan shaxs, bundan Kuzatuv kengashi a’zosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan kelishuvlar mustasno;
Kompaniyaning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining a’zosi bo‘lgan shaxsning yoki so‘nggi uch yil ichida ularga a’zo bo‘lgan shaxsning yaqin qarindoshi yoki quda tomondan qarindoshi (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, o‘g‘illari, qizlari, eri (xotini), shuningdek erining (xotinining) ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) bo‘lgan shaxs;
davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi bo‘lgan shaxs;
Kompaniyaning ustavida yoki aksiyadorlar qarorlari bilan tasdiqlangan hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan shaxs.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, kutilayotgan vazifalar va vakolatlar:
qonunchilikda va Kompaniya ustavida belgilangan Kuzatuv kengashi a’zosi vakolat va vazifalarini bajarish;
vijdonan va jonkuylik asosida harakat qilish;
Kompaniya manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilish;
Kompaniyaga nisbatan qaror qabul qilishda ehtiyotkorlik bilan yondashish;
qarorlarni mustaqil, shaxsiy va boshqa manfaatlarni inobatga olmagan holda qabul qilish.
“Oʻzsanoateksport” AJ Kuzatuv kengashi
1-Ilova
“Oʻzsanoateksport” AJ Kuzatuv kengashiga
Kuzatuv kengashining mustaqil a’zoligi uchun belgilangan talablarga muvofiqlik to‘g‘risida
ARIZA
Men, ____________________________, ushbu bilan nomzod sifatida quyidagilarni tasdiqlayman:
Ma’lumotim oliy;
rahbarlik (rahbar, rahbar o‘rinbosari, bosh hisobchi, menejer, supervayzer, yuridik xizmat boshlig‘i, korporativ boshqaruv sohasida faoliyat yuritadigan boshqarma boshlig‘i, vakolatxona yoki filial rahbari) lavozimlarida kamida ikki yillik ish tajribasiga egaman;
iqtisodiy jinoyatlar yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun sudlanmaganligimni hamda sud qarorlariga asosan mansab lavozimlarni egallashi cheklangan, shuningdek korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilmaganman;
so‘nggi uch yil ichida “Oʻzsanoateksport” AJda va (yoki) kompaniyaning affillangan shaxslarida ishlamaganman;
“Oʻzsanoateksport” AJ ovoz beruvchi aksiyalarining besh yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi (to‘g‘ridan-to‘g‘ri va (yoki) affillangan shaxslar orqali) aksiyador emasman;
“Oʻzsanoateksport” AJning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bo‘lmaganman va/yoki hozirda bu kabi munosabatlarga ega emasman;
so‘nggi uch yil ichida “Oʻzsanoateksport” AJga va (yoki) kompaniyaning affillangan shaxslariga auditorlik xizmatlarini ko‘rsatgan auditorlik tashkilotining xodimi emasman;
ketma-ket olti yil davomida “Oʻzsanoateksport” AJning Kuzatuv kengashi tarkibida faoliyat yuritmaganman;
“Oʻzsanoateksport” AJ va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega emasman (bundan Kuzatuv kengashi a’zosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan kelishuvlar mustasno);
“Oʻzsanoateksport” AJning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining a’zosi bo‘lgan shaxsning yoki so‘nggi uch yil ichida ularga a’zo bo‘lgan shaxsning yaqin qarindoshi yoki quda tomondan qarindoshi (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, o‘g‘illari, qizlari, eri (xotini), shuningdek erining (xotinining) ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) bo‘lgan shaxs emasman;
davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi emasman;
ushbu arizada keltirilgan barcha ma’lumotlarning, shuningdek unga ilova qilingan hujjatlar va materiallarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarning haqiqiyligi, ishonchliligi va to‘g‘riligini tasdiqlayman.
Men tomonidan haqiqiy bo‘lmagan, ishonchsiz va noto‘g‘ri (yolg‘on) ma’lumotlar berilganligi aniqlangan taqdirda, tanlovdan yoki Kuzatuv kengashi tarkibidan (agar tarkibga saylangandan so‘ng aniqlansa) chetlatilishim to‘g‘risida xabardorman.
_____________ _____________
(sana) (imzo)